Afg‘onistonda “Tolibon” guruhi asirligidan ozod etilgan rossiyalik uchuvchi Sergey Sevastyanov Rossiyaga uchib ketdi. Bu haqda Rossiyaning Pokistondagi elchixonasi vakili ma’lumotiga tayanib, “RBK” xabar bermoqda.
Dipmissiya press-attashesi Damir Galiulinning ma’lum qilishicha, 15-avgustga o‘tar kechasi Rossiyaning Islomoboddagi elchixonasi Pokiston TIV va huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda Sevastyanovni aviareys bilan vataniga yuborgan.
13-avgust kuni Pokiston rasmiylari Sevastyanovni Rossiya elchixonasi xodimlariga topshirgan edi.
Avvalroq Pokiston TIV toliblar Sevastyanov, shuningdek, asirga tushgan besh nafar pokistonlikni ozod qilib, ularni Pokiston tomoniga topshirganligini ma’lum qilgan edi. Rossiyalikning ozod etilganligini Rossiya TIV ham tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, 4-avgust kuni Afg‘onistonning Luvgar viloyatiga Pokistonga tegishli bo‘lgan Mi-17 vertolyoti avariya holatida qo‘ngan. U ta’mirlash ishlarini o‘tkazish uchun Rossiyaga yo‘l olgan edi. Ekipaj a’zolari “Tolibon” harakati jangarilari tomonidan asirga olingan bo‘lib ular orasida Rossiya fuqarosi, 1956-yilda tug‘ilgan shturman S.K.Sevastyanov ham bor edi.
Izoh (0)