O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev “Qalampir.uz” saytiga bergan intervyusida xonanda Hojiakbar Haydarov tomonidan qayta ijro etilgan “Do‘lana” qo‘shig‘i va unga ishlangan videoklip haqida fikrini bildirdi.
“Ochig‘i, bu qo‘shiqni juda yaxshi ko‘rardim. Nuriddin Haydarovning o‘g‘li otasining qo‘shig‘ini bu alfozda aytib chiqqanidan ranjidim. U otasining an’analarini saqlab qolishi, qo‘shiqni buzmay aytishi kerak edi. “Do‘lana” bunday holatda aytiladigan qo‘shiq emas. Akam, O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev qo‘shiq aytishni bilmas edilar. “Do‘lana” qo‘shig‘i chiqqan kezlari atayin qo‘shiq aytishni o‘rganib, uni ijro etgandilar. Bitta qo‘shiq nimalarga qodir ekanini ko‘ryapsizmi? Bu qo‘shiqda qanchadan-qancha avlodning xotiralari qolgan”, — deya ta’kidladi Yodgor Sa’diyev.
Jurnalistning “Klipga sizni taklif qilishganida rozi bo‘larmidingiz?” degan savoliga javoban aktyor “Yo‘q, shu vaqtgacha o‘z prinsiplarimga qarshi borgan emasman. Klip va reklamalarga tushish uchun juda ko‘p takliflar bo‘lgan, biroq rad etganman. Falon million so‘mni deb tomoshabin ishonchini suiiste’mol qilgim kelmaydi” deb javob berdi.
Izoh (0)