Germaniya kansleri Angela Merkel mamlakatning yirik kompaniyalarini sentabr oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tadigan sammitda ishtirok etishga taklif qildi. Bo‘lajak yig‘ilishda kansler mamlakatdagi muhojirlar iqtisodiyotga integratsiya qilishi uchun bozor yetakchilarini ko‘proq muxojirlarni ishga yollashga chaqiradi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Sammit davomida Siemens, Evonik, Opel, Volkswagen va RWE kompaniyalari Merkelga muhojirlarni ishga joylash loyihalari bo‘yicha natijalarni taqdim etadi. Mazkur kompaniyalar Wir zusammen (“Biz birgamiz”) dasturidan o‘rin olgan.
Avvalroq Bloomberg 100 ga yaqin kompaniyalar ushbu dasturga qo‘shilgani va ular 1 800 nafar muhojirni amaliyot o‘tash uchun ishga olganini ma’lum qilgandi.
Frankfurter Allgemeine Zeitung’ning xabar berishicha, Frankfurt fond birjasidagi Germaniyaning 30 ta yetakchi kompaniyasi 54 muhojirni ishga yollaganini, shulardan 50 nafarini Deutsche Post o‘ziga ishga olgan.
2015-yilda Germaniyaga 1,1 milliondan ortiq muhojir qochib kelgandi. Ularning aksariyati jangari harakatlar olib borilayotgan Suriya, Afg‘oniston va Iroqdan kelgan.
Izoh (0)