Moskvadan Xabarovskka ketayotgan erkak tekshiruv chog‘ida yuklari orasida trotil borligi haqida hazillashgani bois politsiya tomonidan qo‘lga olinib, reysdan qolib ketdi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Politsiya ma’lumotlariga qaraganda, voqea 12-avgust kuni Moskvaning “Sheremetyevo” aeroportidagi D terminalida sodir bo‘lgan. Introskop tekshiruvi chog‘ida nomi keltirilmayotgan erkakning yuklaridan shubhali buyumlar topilgan. Xavfsizlik xizmati xodimlarining savollariga javoban u hazil tariqasida sumkasida trotil borligini aytgan. Shu bois darhol politsiya chaqirilib, erkak navbatchi qismga olib ketilgan.
Yuklar sinchiklab tekshirilganda u yerda portlovchi moddalar yo‘qligi aniqlangan. Lekin yo‘lovchi Xabarovsk reysiga kech qolib, keyingi reysda uchib ketgan.
Politsiya erkakni javobgarlikka tortish-tortmaslik masalasini o‘rganib chiqmoqda.
Izoh (0)