Yadro qurolining qo‘llanilishi bundan buyon hech qachon takrorlanmasligi lozim. Bu haqda BMT bosh kotibi Pan Gi Munning rasmiy maktubida so‘z yuritilgan, deya xabar bermoqda “TASS”.
Mazkur noma Nagasakining atom hujumiga uchraganligi 71 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xotira marosimida o‘qib eshittirildi.
“Bu hech qachon takrorlanmasligi kerak. Biz ushbu fikrni butun xalqaro hamjamiyatga yetkazishda davom etishimiz zarur”, — deyiladi BMT bosh kotibi maktubida. Pan Gi Mun, shuningdek, yapon shaharlarining bombardimon qilinishi oqibatida jabrlangan va qurbon bo‘lganlarni unutmaslik lozimligini ta’kidlagan.
Nagasakidagi Tinchlik bog‘ida mahalliy vaqt bo‘yicha 11:02 da xotira marosimi boshlandi. 1945-yilning 9-avgust kuni ayni shu lahzada AQSh qurolli kuchlariga qarashli B-29 bombardimonchi samolyotidan shaharga tashlangan bomba portlagan edi.
Izoh (0)