Rossiyaning Yamal-Nenets avtonom okrugidagi Sibir kuydirgisi o‘chog‘idan shifoxonaga yotqizilgan 5 kishi bugun, 5-avgust kuni kasalxonadan chiqdi. Bu haqda okrug gubernatorining matbuot kotibi Natalya Xlopunova “TASS”ga ma’lum qildi.
Xabarda ma’lum qilinishicha, shifoxonaning yuqumli kasalliklar bo‘limida hamon 66 kishi qolmoqda, ularning ahvoli barqaror. Natalya Xlopunovaning ta’kidlashicha, 25 nafar ko‘chmanchi reabilitatsiya bo‘limiga o‘tkazildi va emlashga tayyorlanmoqda. Uch kun davomida ushbu guruh ham shifoxonadan chiqadi va Yar-Saladagi vaqtincha joylashish punktiga yuboriladi.
Sibir kuydirgisi markazidan jami 96 kishi, jumladan 50 dan ortiq bola evakuatsiya qilindi. Sibir kuydirgisi tundra aholisining 23 nafarida aniqlandi. 1-avgust kuni kasallikning ichak formasidan 12 yoshli o‘smir halok bo‘ldi.
Sibir kuydirgisi tufayli Yamal-Nenets avtonom okrugida 25-iyul kuni karantin e’lon qilindi. Infeksiya oqibatida 2,3 ming shimol bug‘usi halok bo‘ldi.
Izoh (0)