Gvatemala terma jamoasi futbolda katta obro‘ga ega emasdir balki, biroq futzalda vaziyat umuman boshqacha. Uning JChda hozirga qadar uch bor ishtirok etgani fikringizni biroz o‘zgartirishi mumkin.
Gvatemala turnirning “C” guruhida Paragvay, Italiya va Vyetnam termalariga qarshi kurash olib boradi.
Kolumbiyaga yo‘l
Gvatelmala terma jamoasi KONKAKAF chempionatining uchinchi jamoasiga aylanganidan keyin Kolumbiyadagi Jahon Chempionati chiptasini qo‘lga kiritdi. Bronza medallar buning uchun sababdir.Jamoa musobaqani mag‘lubiyat bilan boshladi. Panamaga qarshi bellashuv 1:4 hisobi bilan yakuniga yetdi. Biroq gvatemalaliklar qo‘lni tushirishmadi va harakatda davom etishdi. Avvaliga Meksika 6:2 hisobida, keyinroq esa Gonduras mag‘lub etildi — 6:4. Mana shu ikki g‘alaba Gvatemalaga mundial uchun yo‘l ochdi.
Yarim finalda keyinchalik KONKAKAF chempionligini nishonlagan Kosta-Rikaga qarshilik qilib bo‘lmadi — 1:7. 3-o‘rin uchun o‘yinda esa Kuba taslim etildi.
Jamoa haqida
2015-yilga kelib Gvatemala bosh murabbiy Eduardo Estradani ispaniyalik Tomas de Dios bilan almashtirdi. Yangi mutaxassis jamoadagi g‘alabaga bo‘lgan chanqoqlikni saqlab qoldi va bir vaqtning o‘zida uni yangilab, kapital “ta’mirdan” chiqardi.Tajribalilardan esa uch donasi olib qolindi. 2000-yilgi mundialda o‘ynagan Karlos Merida va aka-uka Edgar hamda Migel Santiso yosh futzalchilarga tajriba ulashmoqda. Roberto Alvarado va Jonatan Arevalo kabi yigitlardan Jahon Chempionatida umid katta.
Mundiallar tarixi
Kolumbiyadagi mundial Gvatemala uchun tarixdagi to‘rtinchisi bo‘lsa, uzluksizlik borasida ketma-ket uchinchisidir.2000-yilgi Jahon Chempionati mezboni sifatida Gvatemala tanlab olindi va jamoa o‘zining birinchi ishtirokini shu tariqa amalga oshirdi. O‘sha mundialning birinchi o‘yinida g‘olib chiqqan jamoadan muxlislar bir nimalarni umid qila boshladi. Biroq Braziliyaga qarshi 2:29 hisobi bilan yakuniga yetgan o‘yin mamlakatda futzalni rivojlantirish kerakligini ko‘rsatdi.
2008-yil Braziliyada bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatiga Gvatemala jiddiy tayyorlandi va yakunda 20 ta jamoa orasida 10-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Bu yomon natija emasdi.
2012-yilgi Tailand mundialini Gvatemala Kolumbiyani 5:2 hisobida mag‘lub etish bilan boshladi. Biroq keyingi ikki o‘yinda mag‘lub bo‘ldi. Mana endi Kolumbiyadagi Jahon Chempionatida o‘zini ko‘rsatish uchun tayyorgarlik ko‘ryapti.
Izoh (0)