24-sentabr kuni “Istiqlol” san’at saroyida “Mening Toshkentim” myuziklining bayramona talqini premyerasi bo‘lib o‘tadi, deb yozadi “Gazeta.uz”. Tashkilotchilar ma’lum qilishicha, oilaviy musiqiy-teatr tomoshasi O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan.
“Mening Toshkentim” myuzikli premyerasi Toshkentda 13—14-may kunlari bo‘lib o‘tgan edi. O‘shandayoq myuzikl yaratuvchilari navbatdagi postanovkani tayyorlayotgani ma’lum bo‘lgandi.
“Postanovkamizga — aktyorlar, ovoz, sahna bezaklari, xoreografiyaga yanada kattaroq ko‘lamda yondashdik. Bizda yaxshi myuziklni yanada yaxshiroq qilish imkoniyati bor”, — deya yangilangan loyihaga izoh berdi postanovkachi rejissorlar Hasan va Husan Solihovlar.
Shuningdek, myuziklda qo‘shimcha personajlar paydo bo‘ladi. Ulardan biri gruziyalik va rossiyalik qo‘shiqchi va aktyor Soso Pavliashvili bo‘ladi. Myuzikl yaratuvchilari tafsilotlarni oldindan oshkor qilmayapti, ammo Pavliashvili o‘z-o‘zini gavdalantirishi hozirdan ma’lum.
Mahallaning boshqa fuqarolari rolini Asal Shodiyeva, Shadisha, Adiz Rajabov, Jasur Mirsoatov, Fotima Rejametova, Muhammadiso Abdulxayirov, Komila Zokirova, Akbar Otamuhamedov kabilar ijro etadi.
Izoh (0)