Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe KXDRning ballistik raketa uchirganligi munosabati bilan ogohlikni kuchaytirish va kutilmagan oqibatlarga tayyor turishni buyurdi. Bu haqda NHK telekanali ma’lumotiga tayanib, “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Sindzo Abe vazirlarga imkon boricha ko‘proq ma’lumot to‘plash va shay turish haqida buyruq berdi. Shu munosabat bilan Yaponiya hukumati huzurida favqulodda shtab tashkil etildi.
Yaponiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, hozirgi paytga qadar Shimoliy Koreyaning ballistik raketa uchirishi oqibatida biror zarar qayd etilmagan.
Shuningdek, “Kiodo” agentligining ma’lum qilishicha, Yaponiya hukumati ballistik raketa uchirilishiga qarshi KXDRga norozilik bildirgan.
Bugun tongda Janubiy Koreya KXDR navbatdagi ballistik raketani uchirganini ma’lum qildi. Raketa Xvanxe-Namdo provinsiyasidan Yapon dengizi yo‘nalishi bo‘yicha uchirildi.
Izoh (0)