Bugungi qahramon jamoa — Italiya. O‘z guruhida Paragvay, Vyetnam va Gvatemalaga qarshi kurash olib boradigan Italiyadan navbatdagi muvaffaqiya kutilmoqda. Chunki jamoa 2004-yilgi mundialdan buyon Jahon Chempionatida medalga ega chiqadi.
Italiya terma jamoasi Jahon Chempionatiga chiqish uchun katta qiyinchilik ko‘rmadi. Buni quyidagi maqoladan bilish mumkin.
Kolumbiyaga yo‘l
Italiya terma jamoasi Jahon Chempionati chiptasiga ega chiqish yo‘lidagi kurashda o‘z guruhini peshqadam sifatida yakunladi.Birinchi o‘yinda Makedoniya ustidan 6:1 hisobida zafar quchgan Italiya, 2-turga kelib Moldoviyani mag‘lub etdi — 3:1. Biroq bu seriya so‘nggi turda ham davom etmadi. Italiyalik futzalchilar Slovakiya qarshiligini sindira olishmadi — 1:2. Shunga qaramay Italiya to‘plar nisbatiga ko‘ra guruhni peshqadam sifatida yakunlashga erishdi.Shu tariqa Italiya saralash o‘yinida ishtirok etadigan bo‘ldi. Bu bosqichda “moviy gvardiyachilar” hech qanday qiyinchilikka duch kelmay, Vengriya ustidan 6:0 hisobida muvaffaqiyat qozonishdi. Bu esa Kolumbiya chiptasi degani edi.
Jamoa haqida
Italiya termasini yetti yildan buyon bitta mutaxassis boshqarib kelayotgani jamoaning eng ustun tomoni bo‘lishi mumkin. 1992-yilgi Gonkong mundialida to‘p surgan Roberto Menichelli Italiya termasining bugunini to‘liq hal qiladigan inson.U jamoa uchun nima kerakligi va uni qanday shakllantirish mumkinligini yaxshi biladi. Kolumbiyadagi Jahon Chempionatida bu narsa unga qo‘l kelishi mumkin.
Stefano Mamarella jamoaning asosiy figurasi. U Italiya terma jamoasini o‘z ortidan ergashtirib kelayotgan futzalchi hisoblanadi. Undan tashqari Rodolf Fortinoni ham unutmaslik kerak. Bu yigitlar Adidas sovrini hisoblangan “Oltin qo‘lqop” va “Kumush butsa” sovrinlarini to‘rt yil avvalgi Jahon Chempionatida o‘ziniki qilib olgandi.
Jamoa sardori Gabriel Lima, uning yonida harakat qiladigan Serxio Romano, Alessandro Patias kabi futzalchilar bilan Italiya terma jamoasi yorqinroq natijadan bemalol umid qilishi mumkin.Mundiallar tarixi
Italiya sportdagi eng katta derjavalardan biri. Futzalda ham Italiya o‘z nomi va imzosiga ega. Buni sakkizta Jahon Chempionatidan yettitasida ishtirok etgani ham ko‘rsatib turibdi. Bu borada Italiya Yevropadagi ikkinchi jamoa — Ispaniyadan keyin.
Italiya terma jamoasi uchun dastlabki mundiallar omadli keldi deb bo‘lmaydi. 1989-yil Gollandiyadagi, 1996-yil Ispaniyadagi Jahon Chempionatlarida italiyaliklar guruh bosqichini muvaffaqiyatli bosib o‘tganliklariga qaramay, shohsupaga ko‘tarila olishmadi. 2000-yilgi Gvatemala mundiali ham shunday yakun topdi.
Jamoaning keyingi natijalari esa ajoyib bo‘ldi va Italiya 2004-yildan buyon sahnadan tushmayapti. Xitoy Taypeyida bo‘lib o‘tgan festivalda Italiya finalga qadar yetib bordi va kumush medallarni qo‘lga kiritdi. 2008 va 2012-yillarda esa bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)