Xitoy Fanlar Akademiyasining Shinjon fizika va kimyo texnika instituti delegatsiyasi 30-iyul kuni Toshkentdagi Inha universitetiga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish bo‘ldi, deb xabar beradi UzDaily.
Xitoy instituti prorektori professor Hoji Akbar Aisa delegatsiyaga boshchilik qildi. XXRning O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Szou Yanxuey delegatsiyaga hamrohlik qildi.
Toshkentdagi Inha universiteti rektori Sherzod Shermatov mehmonlarga oliy ta’lim muassasasi faoliyati haqida hikoya qilib berdi. Muzokaralar davomida, shuningdek, ikki tashkilot o‘rtasida uzoq istiqbolli hamkorlik o‘rnatish masalasi muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Toshkentda xitoylik professorlarning yozgi ma’ruzalarini tashkil etish, Toshkentdagi Inha universiteti talabalari uchun Xitoyda yozgi maktablar tashkil etish, bitiruvchilarning Xitoydagi yetakchi universitetlarda ta’limni davom ettirishlari uchun sharoitlar yaratish, professor-o‘qituvchilar tarkibining malakasini oshirishni tashkil etish, ularni axborot texnologiyalari, matematika va fizika sohasida doktorantura ta’limiga jalb etish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Tomonlar Xitoy oliygohlari delegatsiyalarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Professor Hoji Akbar Aisa Inha universiteti faxriy mehmonlari kitobida o‘z tilaklarini yozib qoldirdi.
Izoh (0)