Turkiya aholisining yarmidan ko‘prog‘i mamlakatda o‘lim jazosining joriy etilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Rai-News-24 telekanali efirida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Yevropadan tashqaridagi ko‘plab davlatlarda qatl jazosi mavjud. Turkiya xalqi o‘lim jazosi joriy etilishini talab qilmoqda. Buni fuqarolarning 57 foizi xohlamoqda. Parlament bunday qarorni yoqlab ovoz bersa, unga hech kim to‘sqinlik qila olmaydi”, — dedi Erdo‘g‘on.
Mamlakatda muvaffaqiyatsiz harbiy to‘ntarishga urinish amalga oshirilganidan so‘ng o‘lim jazosini qayta joriy etish masalasi muhokama qilinmoqda. Yevropa Ittifoqi bu tashabbusga keskin qarshi chiqmoqda, jumladan, Yevropa tashqi ishlar idorasi rahbari Federika Mogerini, o‘lim jazosi tiklansa, Turkiya Yevropa Ittifoqiga hech qachon a’zo bo‘la olmasligini aytib o‘tdi. Ammo Erdo‘g‘on Yevroittifoq Turkiya hukumatining harakatlari ustidan hukm chiqara olmasligini ta’kidladi.
Izoh (0)