Mudofaa vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining qo‘shma qarori bilan Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Tanlovga chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etish huquqiga ega bo‘lmagan, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchilar jalb qilinadi.
Chaqiriluvchilar har yilgi tanlovda faqat bir marta ishtirok etishi mumkin. Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarligini aniqlash bo‘yicha sinovlar 25-sentabrdan kelgusi yilning 15-yanvarigacha mudofaa organlari tomonidan, ularning bilim darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovlari esa 10-oktabrdan kelgusi yilning 15-yanvarigacha Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi.
Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasi 15 balli shkala bo‘yicha baholanadi.
Mudofaa ishlari boshqarmalari umumjismoniy tayyorgarlik sinovlari natijalaridan norozi bo‘lgan chaqiriluvchilar ro‘yxatini shakllantirib, ularni navbatdagi umumjismoniy tayyorgarlik sinovlarida sinovdan o‘tkazadi va natijalari bo‘yicha chaqiriluvchilarga yozma ravishda asoslantirilgan javob beradi.
Test imtihonlari matematika, ona tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan o‘tkaziladi. Barcha fanlar bo‘yicha maksimal – 60 ball yig‘ish mumkin.
Qaror O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plamining 2016-yil 25-iyuldagi 29-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Izoh (0)