Olimlar delfinning yangi turini kashf etdi — ilgari u faqat yaponiyalik dengizchilarning hikoyalaridan ma’lum edi. “National Geographic Rossiya”ning ma’lum qilishicha, ular sirli mavjudotni “qarg‘a” deb atar edi.
2014-yilda Alyaska qirg‘og‘ida o‘lik delfin topildi. Dastlab olimlar uni Berardius bairdii turiga mansub individ deb o‘yladi. U mo‘tadil va subarktik suvlarda, Tinch okeanining shimoliy qismida istiqomat qiladi. 13 metrli Berd tumshuqlisi Ziphiidae oilasining eng yirik vakili hisoblanadi.
Ammo chuqurroq tekshirishlardan so‘ng 7 metrlik delfin sarg‘ayib ketgan va charxlangan tishlarga egaligi aniqlandi. Uning tanasi shimol tumshuqlilariga nisbatan qoramtirroq edi. Orqa suzgichining shakli ham farq qilar edi.
DNK tahlili jasad yangi, shu paytgacha noma’lum delfin turiga tegishli ekanligini ko‘rsatdi.
2013-yilda yaponiyalik olimlar delfinlarning yangi turi mavjudligini taxmin qilgan edi. Ular mahalliy baliqchilar orasida “qarg‘a” laqabli qoramtir delfin haqida gaplar yurishini bunga asos qilib ko‘rsatgan edi. 1940-yillarda kit ovchilar ham shunga o‘xshash jonivorni uchratganlarini ma’lum qilgan edi. Ammo shu paytgacha buni tasdiqlovchi to‘kis dalillar yo‘q edi.
Xalqaro tadqiqot guruhi shimol tumshuqlilari istiqomat qiladigan boshqa hududlarning ilmiy muassasalaridagi delfin qoldiqlarini tekshirib chiqdi. Natijada delfin qoldiqlarining Yaponiyadagi namunalarga qarindoshligi aniqlandi.
Yana bir qarg‘a-delfin Alyaskadagi Amaknak orolidan topildi — ma’lum bo‘lishicha, u ko‘p yillardan buyon mahalliy maktab devorida osilib turgan ekan.
Tadqiqot natijalari Marine Mammal Science jurnalida chop etildi. Yangi turga nom berish va uni batafsilroq tavsiflash galdagi vazifadir.
Izoh (0)