Toshkentning “Lokomotiv” klubi O‘zbekiston Kubogi chorak finali doirasida “Mash’al”ga qarshi maydonga tushib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bu bilan “temiryo‘lchilar”ning 35 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasi o‘z yakuniga yetdi.
“Championat.asia” xabariga ko‘ra, “Lokomotiv” so‘nggi bor 2015-yilning 12-sentabr kuni mag‘lub bo‘lgandi. Mamlakat Oliy Ligasida “Paxtakor” mehmoni bo‘lgan “Lokomotiv” o‘sha bellashuvda 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi.
Shundan keyin Toshkent klubining “yurishi” boshlandi. O‘tgan mavsumning so‘nggi 9 turida va O‘zbekiston Kubogi yarim finalining javob uchrashuvida “Lokomotiv” mag‘lub etilmadi. 2016-yilgi mavsumning 14 ta turini ham “temiryo‘lchilar” mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi.
Osiyo Chempionlar Ligasining 2016-yilgi mavsumi doirasida 8 ta o‘yin o‘tkazgan “Lokomotiv”, ularning hech birida boshini egmadi. O‘zbekiston Kubogidagi 3 ta o‘yinning barchasida zafar quchdi.
Bu yurishlarning barchasi “Mash’al”ga qarshi O‘zbekiston Kubogining chorak final javob o‘yinida yo‘qqa chiqdi.
“Mash’al”dan qabul qilib olingan mag‘lubiyat “Lokomotiv”ning O‘zbekiston Kubogi yarim finaliga yo‘l olishiga qarshilik qilmadi. Boisi Toshkent klubi Muborakda kechgan birinchi o‘yinda 4:1 hisobida zafar quchgandi.
Izoh (0)