Rossiyaning Sverdlovsk viloyatida politsiya ikki karra o‘g‘rilikda gumonlanayotgan mahalliy aholi vakilini qo‘lga oldi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Aytilishicha, dastavval jinoyatchi bir bolaga tegishli velosipedni o‘g‘irlab ketgan, lekin jabrlanuvchilar uni jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilmagan. O‘g‘ri minnatdorlik bildirish maqsadida jabrlanuvchi oilaning uyiga tashrif buyurgan. Ammo u kelganida uyda kattalar yo‘q edi, muqaddam velosipedi o‘g‘irlangan bola esa eshikni ochmagan.
Bir muddatdan so‘ng bola sayrga chiqqan, ammo xonadon eshigini qulflashni unutgan. Shu atrofda o‘ralashib yurgan o‘g‘ri kechirim so‘rash maqsadini unutib, uyga qaytadan kirgan va 4 ming rubl turadigan planshetni o‘g‘irlab ketgan.
Planshet g‘oyib bo‘lganini payqagan oila vakillari politsiyaga murojaat qilgan. O‘g‘ri tez orada qo‘lga olingan va aybiga iqror bo‘lgan.
Izoh (0)