Florida shtati rasmiylari Zika virusini yuqtirib olish holati yuzasidan surishtiruv olib bormoqda. Virus AQShning kontinental qismida yuqtirilganligi taxmin qilinmoqda. Bu haqda 19-iyul, seshanba kuni shtat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakillari ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
Kasallikka chalingan shaxs virusni qanday yuqtirib olganligiga aniqlik kiritilmagan, faqat bu boshqa hududga sayohat qilish davomida yuz bermaganligi ta’kidlanmoqda. Uning ahvoli qanday ekanligi hozircha ma’lum qilinmadi.
AQSh kasalliklarni oldini olish va nazorat qilish markazi 9-iyul kuni AQShning kontinental qismida Zika virusi bilan bog‘liq birinchi o‘lim qayd etilganligini ma’lum qilgan edi. Yuta shtatining keksa fuqarosi virusning faol tarqalishi kuzatilayotgan mamlakatlarga sayohat qilish davomida virusni yuqtirib olgandan keyin halok bo‘lgan edi.
Izoh (0)