Hindistonning Jammu va Kashmir shtatida harbiylar namoyishchilarga qarata o‘t ochishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Shu tariqa, 11 kundan beri davom etayotgan tartibsizliklar qurbonlari soni 42 kishiga yetdi, deb xabar beradi Reuters.
Kashmirning musulmon aholisi uzoq yillardan beri markaziy hokimiyat bilan ixtilofda bo‘lib kelmoqda. Joriy yilning 9-iyul kuni “Hizb ul-Mujohiddin” jangari guruhi komandiri Burxon Vani o‘ldirilganidan so‘ng mintaqada yana tartibsizliklar va norozilik namoyishlari avj oldi. To‘polonlarda 39 kishi halok bo‘ldi, 3500 kishi jarohat oldi. Shtatda komendantlik soati joriy etildi, telefon aloqasi uzildi.
19-iyul kuni bir guruh shaxslar komendantlik soatiga rioya etmay, yana ko‘chalarga chiqdi va armiya konvoyini toshbo‘ron qildi. Ayrimlar harbiylarning qurolini tortib olishga urindi. Askarlar o‘t ochishi oqibatida ikki ayol voqea joyida o‘ldi, yana bir namoyishchi shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi. Qurbonlarning umumiy soni esa 42 kishini tashkil etdi.
Izoh (0)