Internetda Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevning “Mne ne strashno umirat” (“O‘limdan qo‘rqmayman”) nomli qo‘shig‘iga ishlangan videoklip joylashtirildi. Bu haqda KNews portali xabar bermoqda.
Aytilishicha, kompozitsiya Sergey Orlovning so‘zlariga yozilgan bo‘lib, urush yillaridagi askarlarga bag‘ishlangandir.
“So‘zlarni o‘zimcha eslashga urindim, shu bois biror narsani adashtirgan bo‘lishim mumkin. Internetda bu she’r yo‘q ekan”, — dedi Atambayev.
Yangi qo‘shiqqa videoqator sifatida Grigoriy Chuxrayning “Askar haqida ballada” filmidan kadrlar olindi.
Prezident apparati axborot siyosati bo‘limining ma’lum qilishicha, avgust oyidagi ta’til chog‘ida davlat rahbari qirg‘iz tilida yana beshta qo‘shiq yozishni rejalashtirmoqda.