Janubiy Koreyaning Hyundai Motor Co. avtomobilsozlik konserni xodimlari maoshlari oshirilishini talab qilib ish tashlash o‘tkazmoqchi. Ular oxirgi to‘rt yil davomida yoz oylarida mana shunday tadbirlar o‘tkazib kelayotgan edi, bu safargisi esa ketma-ket beshinchi yozgi ish tashlash bo‘ladi, deb xabar beradi “Interfaks”.
13-iyul kuni ish tashlash haqidagi qarorni konsernning kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lgan 48 ming xodimining 80 foizi ma’qulladi.
Iyul–avgust oylarida ish tashlash o‘tkazilishi Janubiy Koreya uchun oddiy holdir. Odatda yilning ikkinchi choragida maosh oshirilishi borasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, ko‘rsatilgan oylarda kasaba uyushmalari tomonidan keng miqyosli ish tashlashlar tashkil etiladi.
Hyundai xodimlari kasaba uyushmasi maoshning 7,2 foizga oshirilishini hamda 2015-yilgi sof foydaning 30 foizi ishchilarga taqsimlab berilishini talab qilmoqda. Kompaniya rahbariyati bunday talablarni qabul qilmoqchi emas.
Izoh (0)