Britaniyalik mualliflar Karolin Eden va Eleanor Ford o‘zbek oshxonasiga bag‘ishlangan “Samarqand: retseptlar hamda Markaziy Osiyo va Kavkazdan hikoyalar” nomli kitobni yaratdi. Bu haqda MyDay xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston, ayniqsa Samarqand mualliflarni oshxonasining boyligi va xilma-xilligi, shuningdek, betakror madaniy-tarixiy merosi bilan hayratda qoldirgan. Shu bois kitobga “Samarqand” degan nom berilgan.
Buyuk Britaniyada kitobning deyarli butun adadi u sotuvga chiqarilishidan oldinroq xaridorlar tomonidan buyurtma qilib bo‘lindi. Hozir uni Amazon’da 8,99 funt sterlingga sotib olish mumkin.
“2009-yili birinchi marta Samarqandga borganimda shaharda hukm surayotgan xayrixohlik muhitidan hayratga tushdim: men madaniyatlar va dinlar, zamonaviylik va tarix uyg‘unlikda mavjud bo‘lishiga guvoh bo‘ldim. Zamonaviy O‘zbekiston boy tarixini qay darajada saqlab qola olganini ko‘rib lol qoldim. Mahalliy bozorga tashrif buyurarkanman, o‘rta asrlar bozoriga kirib qolganday bo‘ldim, u yerda o‘zbek gilamlari va so‘zanalarining go‘zalligiga shohid bo‘ldim, zamin tuhfalari va mohirlik bilan tayyorlangan pishiriqlardan bahramand bo‘ldim. Mahalliy ovqatlar va mevalar ta’mi bu yerning muhitini yanada teranroq anglashimga yordam berdi. Samarkandda turli millat vakillari istiqomat qilishini yaxshi tushungan holda Buyuk ipak yo‘li xalqlarining oshpazlik mahorati haqida kitob yaratishga qaror qildim”, — deb xotirlaydi O‘zbekistonga tashrifini mualliflardan biri — Karolin Eden.
Sayyohlar o‘z kitobida Samarqand va Buxoro aholisi bilan suhbatlarda o‘rgangan taomlarining tayyorlanish usullari haqida hikoya qiladi. Bular orasida, masalan, qozon kabob, osh, yasmiq sho‘rva, piyozli non va tog‘ quymog‘i bor.
Karolin Eden — turizm va madaniyat sohasiga ixtisoslashgan taniqli britaniyalik jurnalist. Uning maqolalari The Guardian, The Telegraph, The Financial Times va The Independent singari nufuzli nashrlarda chop etiladi. U Metro jurnalida turizmga bag‘ishlangan maxsus ruknni yuritadi, shuningdek, Qirollik geografiya jamiyati bilan hamkorlik qiladi.
Eleanor Ford sayohat va xalqaro oshpazlik sohasiga ixtisoslashgan yosh iqtidorli sharhlovchilardan hisoblanadi. U turli davlatlarga sayohat qilib, mahalliy oshxonani o‘rganadi, shu asosda BBC Good Food kanali uchun ko‘rsatuvlar, Good Food Magazine jurnali uchun esa maqolalar tayyorlaydi. Britaniyaning oshpazlik yo‘nalishidagi yozuvchilari gildiyasi a’zosi. Restoranlar reytingi bo‘yicha Zagat va Time Out singari nufuzli agentliklar bilan hamkorlik qilib, Gonkong va Londondagi restoranlarni baholashda muharrir sifatida ishtirok etgan.
Izoh (0)