AQSh senatorlari Afg‘onistondagi kontingentni qisqartirishga qarshi chiqdi. Respublikachilar vakili bo‘lgan senator Lindsi Gremning ta’kidlashicha, qo‘shinlar qisqartirilsa, u yerdagi xalqaro harbiy missiya muvaffaqiyatli bo‘lmaydi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
“Qo‘shinlar soni 9,8 ming kishi darajasida qolsa omadni kafolatlay olmayman, lekin kontingentni 5,5 ming harbiy xizmatchi darajasida qisqartirsak, omadsizlikka uchrashimiz aniq bo‘ladi”, — dedi u senatorlarning Kobulga tashrifi chog‘ida.
O‘z navbatida, yana bir respublikachi senator Jon Makkeyn kontingentning qisqartirilishi Iroq fojiasining takrorlanishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Ma’lumki, u yerda xalqaro kuchlarning qisqarishi bilan mamlakatning bir qismini IShID egallab oldi.
Safarda, Makkeyn va Gremdan tashqari, respublikachi Benjamin Sass va demokrat Jo Donnelli ishtirok etdi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)