2015/16-yilgi mavsumda “Sampdoriya”ni boshqargan italiyalik mutaxassis Vinchenso Montella faoliyatini “Milan” klubida davom ettiradi. Bu haqda “Milan” o‘zining Twitter sahifasida ma’lum qildi.
42 yoshli Montella “Milan” bilan ikki yillik shartnomaga imzo chekkan. “Chempionat”ning jamoa rasmiy saytiga asoslanib xabar berishicha, shartnoma shu yilning 1-iyul sanasidan kuchga kiradi.
“Mavsum so‘nggida harakatchanligi, kuchli ishtiyoqi bilan faoliyat olib borgan Kristian Brokkiga jamoa samimiy minnatdorchilik izhor qiladi. Ishonamizki, Montella bilan hamkorlik klub uchun samarador bo‘ladi”, — deb yozilgan “Milan” saytida.
#ACMilan have a new coach: Vincenzo Montella signed a two-year contract, #welcomeMontella! ✈🔴⚫#weareacmilan pic.twitter.com/OktfBPJOM4
— AC Milan (@acmilan) June 28, 2016
Avvalroq Vinchenso Montella Milan shahri klubida yiliga 2,3 million yevro maosh olishi haqida xabarlar tarqalgan bo‘lib, jamoa “Sampdoriya”ga murabbiyning ketishi uchun konpensatsiya to‘lashi aytilgandi. Boisi Montellaning “Sampdoriya” bilan shartnomasi 2018-yilning 30-iyuniga qadar tuzilgan.
So‘nggi mavsumni “Milan” 7-o‘rinda yakunlab, xalqaro maydondan chetda qolib ketdi. Shuningdek, Italiya Kubogi finaliga qadar yetib bordi. “Sampdoriya” esa 15-o‘rin bilan cheklangan.
2009-yilda murabbiylik faoliyatini boshlagan Montella “Sampdoriya”ga qadar “Roma”, “Kataniya”, “Fiorentina” kabi jamoalarni boshqargan, biroq hech birida shartnomasi yakuniga qadar ishlamagan. Ko‘p hollarda rahbariyat bilan chiqisha olmagani sabab klubni tark etgan.
Izoh (0)