Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hududida O‘quv-tadqiqot to‘qimachilik texnoparki qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining o‘rinbosari Shavkat To‘laganov, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Kvon Yon U, Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi departamentining bosh direktori Kang Myun Su va boshqalar ishtirok etdi.
“O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati va Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi hamkorligidagi loyiha bo‘lmish O‘quv-tadqiqot to‘qimachilik texnoparki 2018-yilga qadar barpo etilishi rejalashtirilmoqda.
Texnoparkni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida joriy etish uchun to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, texnologik yangiliklarni yaratish va materialshunoslik, bo‘yash-pardozlash, mato va liboslar dizayni sohasida tadqiqotlar o‘tkazish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda istiqbolli texnologik yo‘nalishlarni, muqobil elektr energiyasi manbalari va boshqa yo‘nalishlarni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro o‘quv hamda tadqiqot dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iborat.
Qurilish-montaj ishlarini bajarish, texnologik uskunalar xarid qilish va o‘rnatish, texnopark xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish Koreya Respublikasi hukumatining “Taraqqiyotga rasmiy ko‘mak” dasturi doirasida grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Loyiha qiymati 15 million dollar atrofida baholanmoqda.
Texnopark rejasida yuqori texnologiyali 3 va 5 qavatli ma’muriy binolar, energiya tejaydigan texnologiyalardan foydalangan holda eksperimental ishlab chiqarish uchun quyosh batareyalari bilan jihozlangan va umumiy maydoni 10 ming kvadrat metrdan ziyod alohida 2 qavatli bino qurish ko‘zda tutilgan.
Rejaga ko‘ra, 4 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan hududda o‘quv xonalari, konferensiya va ko‘rgazma zallari, laboratoriyalar, ofislar, oranjereya va boshqa obyektlar joylashtiriladi. 1,5 ming kvadrat metrdan ortiq maydonda tashkil etiladigan ilmiy-tajriba laboratoriyasida to‘qish, bo‘yash-pardozlash, tikuv uskunalari o‘rnatiladi.
5 qavatli bino tomida gulzor va bog‘ barpo etiladi. Binolar zamonaviy yuqori texnologiyali qurilish va pardozlash materiallaridan bunyod etiladi. Ularga tutash hududlarga turli xil pishiq koshinlar yotqiziladi, maysazor va favvoralar barpo qilinadi.
Texnoparkning dizayn-guruhi “O‘zbekengilsanoat” korxonalari bilan yangi turdagi mahsulotlar yaratish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R. Azimov ishtirok etdi.
Izoh (0)