Joriy yilning 25-iyun kuni Umra amalini bajarish uchun Jidda shahriga yetib kelgan o‘zbekistonlik ziyoratchilarni O‘zbekiston musulmonlari idorasining hamkori “al-Hidoya” shirkati rahbariyati va ishchi guruhlari kutib oldi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ziyoratchilar shu kuning o‘zida so‘nggi rusumdagi zamonaviy avtobuslarda Madinai Munavvara ziyoratiga yo‘l oldi, u yerda ziyoratchilar Muhammad (s.a.v.)ning masjidlaridan 150 metr masofadagi “Nur Mavadda” mehmonxonasiga joylashdi. Mazkur mehmonxonaning har bir xonasi konditsioner, muzlatgich va boshqa texnika vositalari bilan jihozlangan bo‘lib, alohida yuvinish xonalari mavjud.
Ishchi guruhi tarkibidagi oshpazlar tomonidan ziyoratchilar uchun o‘zbek milliy taomlaridan saharlik va iftorliklar hozirlanmoqda. Mehmonxonada erkaklar va ayollar uchun alohida tibbiyot markazlari tashkil etilgan bo‘lib, murojaat etishni istagan umrachilarga tibbiy yordam shu yerning o‘zida ko‘rsatilishi imkoniyati to‘la ta’minlangan.
Madinada ziyoratchilar bir qancha muqaddas qadamjolarga ham borishi rejalashtirilgan. Qiblatayn, Qubo masjidlari, Uhud tog‘i va boshqa maskanlar ziyorati shular jumlasidandir.
Ziyoratchilar Madinai Munavvarada uch kun bo‘lgach, Makka sari yo‘lga chiqadi.
Izoh (0)