Parijdagi teraktlarning ertasi kuni Amerikaning Konnektikut shtatida masjid binosiga qarata o‘t ochgan fuqaro olti oyga qamoq jazosiga hukm qilindi. Ushbu qaror 17-iyun, juma kuni Xartford shahri sudi tomonidan chiqarildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Fevral oyida 48 yoshli Ted Xeki 2015-yilning 14-noyabr kuni Parijdagi teraktlar haqida bilganidan so‘ng, Meriden shahrida joylashgan, uning uyi qarshisidagi masjid binosiga qarata to‘rt marta o‘q uzganligini tan olgan edi.
Xekiga nisbatan boshqa diniy e’tiqod vakillariga nafrat negizida jinoyat sodir etish, o‘qotar qurolni qo‘llash va diniy muassasa mulkiga zarar yetkazish ayblari e’lon qilindi.
Prokuratura sudlanuvchining chin ko‘ngildan pushaymonligi, shuningdek, hodisa oqibatida hech kim yaralanmaganligini inobatga olib, unga nisbatan 1—2 yillik qamoq jazosini qo‘llashni so‘radi.
Otishmadan so‘ng erkak o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lib, Meriden musulmon hamjamiyatidan uzr so‘ragan edi. Masjid imomi hatto hukumatga uni jazodan butunlay ozod qilishni so‘rab murojaat qilgan.
Izoh (0)