Iroq rasmiylari, garchi terrorchilar tomonidan ayrim qarshilik nuqtalari saqlanib qolgan bo‘lsa-da, Al-Falluja shahri ustidan nazoratni tikladi. Bu haqda 17-iyun, juma kuni mamlakat bosh vaziri Haydar al-Obodiy telemurojaatida ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“Al-Falluja yana vatan himoyasi ostida, qo‘shinlarimiz shahar yuragini nazorat qilmoqda. Bu yerda yaqin soatlarda ozod qilinadigan bir necha joylar qoldi. Keyingi maqsadimiz — Mosul”, — deya ta’kidlagan bosh vazir.
17-iyun, juma kuni janglar shahar markaziga ko‘chdi. Terrorchilar snayperlar yordamida o‘q yog‘dirdi, hukumat qo‘shinlari artilleriya va aviatsiyani safarbar etdi. IIV bo‘linmasi shaharni sharqdan g‘arbga kesib o‘tuvchi Bog‘dod-stritda harakatlandi, maxsus bo‘linma Al-Falluja kasalxonasini ozod qildi. Hukumat idoralari joylashgan dahada nazorat tiklanib, binolar ustiga Iroq bayrog‘i o‘rnatildi.
Izoh (0)