Rossiya va AQSh o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi Rossiya tashqi savdo aylanmasi ko‘rsatkichlariga nisbatan ancha sekin tushib bormoqda. Shu bois AQShning Rossiya bilan savdo sherikchiligidagi ulushi o‘smoqda. Buni Rossiya Federal bojxona xizmati keltirgan 2016-yil yanvar–aprel ma’lumotlari ko‘rsatmoqda, deb xabar beradi “RBK”.
Joriy yilning dastlabki to‘rt oyidagi ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning shu davri bilan qiyoslansa, Rossiya tashqi tovar aylanmasi dollar ifodasida 25 foizga tushib, 133,6 milliard dollarni tashkil etgan ko‘rinadi. AQSh bilan savdo hajmi esa 20 foizga kamayib, 5,47 milliard dollarni (Rossiya umumiy savdo hajmining 4,1 foizi) tashkil etdi.
Bir yil muqaddam AQSh bilan savdo hajmining hajmi kattaroq edi — 6,82 milliard dollar, ammo ulush hisobida kamroq edi — 3,8 foiz.
Shu tariqa, AQSh bir yil davomida Rossiyaning asosiy savdo sheriklari ro‘yxatida yettinchi o‘rindan beshinchi o‘ringa ko‘tarilib, Yaponiya va Turkiyadan o‘zib ketdi hamda Italiyaga yaqinlashdi.
Izoh (0)