Butun Rossiya muxlislar uyushmasi rahbari Aleksandr Shprigin rossiyalik muxlislarning rasmiy guruhi, shu jumladan, ikki nafar ayol Fransiyadan deportatsiya qilinishi haqida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda TJournal.
“Biz rossiyalik muxlislarning rasmiy guruhimiz. Avtobusda fan-klublar rahbarlari o‘tiribdi. Hamma deportatsiya qilinadi!”, – deya yozadi Shprigin Twitter’dagi sahifasida.
“Marselda bo‘lib o‘tgan tartibsizliklarda guruhning hech bir a’zosi qo‘lga olinmagan, lekin 3 kundan so‘ng Butun Rossiya muxlislar uyushmasi rasmiy guruhi deportatsiya qilinmoqda”, – deb qo‘shimcha qildi Shprigin.
Rossiya Sport vaziri Vitaliy Mutko Butun Rossiya muxlislar uyushmasi bilan aloqada ekanini ta’kidladi va kerak bo‘lsa, vazirlik vakili voqea joyiga borib, vaziyatni hal qilishini aytdi.Avvalroq Shprigin Twitter’dagi sahifasida ishqibozlar to‘plangan avtobus Fransiya maxsus kuchlari tomonidan o‘rab olinganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga qaraganda, tekshiruv Fransiya Ichki ishlar vaziri tashabbusi bilan amalga oshirildi. Avtobus o‘rab olingan joyga Kann shahri meri yetib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, 12-iyunga o‘tar kechasi Marsel shahrida bo‘lib o‘tgan Yevro—2016 turniri doirasidagi Rossiya — Angliya (1:1) uchrashuvidan so‘ng ikki jamoa muxlislari o‘rtasida to‘qnashuv yuzaga keldi. Natijada bir necha kishi jabrlandi.
12-iyun kuni UEFA Rossiya futbol ittifoqiga nisbatan intizomiy ish ochgandi. Ittifoqqa nisbatan qo‘llaniladigan sanksiyalar borasida qaror bugun, 14-iyun kuni qabul qilinadi.
Izoh (0)