Futbol bo‘yicha Rossiya terma jamoasi futbolchilari va bosh murabbiyi Leonid Slutskiy muxlislarni Yevro–2016 turnirining qolgan o‘yinlarida tartibli bo‘lishga chaqirdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
“Qadrli ishqibozlar! Rossiya termasining Angliyaga qarshi Yevro–2016 turnirining ilk o‘yinida ko‘rsatgan ajoyib dalda uchun sizlardan minnatdormiz. Aynan sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz evaziga o‘yin so‘ngida muhim gol kiritib, nufuzli turnirdagi ilk ochkoga ega bo‘ldik. Oldinda Slovakiya va Uelsga qarshi ham muhim uchrashuvlar bor. Ularda ham tribunalarning daldasiga tayanamiz.
Ana shu munosabat bilan Lill va Tuluzada bo‘lib o‘tadigan bahslarga kelishni rejalashtirgan rossiyalik futbol muxlislariga iltimosimiz – o‘zinglarni tartibli tutib, stadion va jamoat joylarida qoidalarni buzmang. Xalqaro futbol tashkilotlari uchun muxlislar kelajakda qoidabuzarlikni amalga oshirmasligini kafolatlash juda muhim hisoblanadi.
O‘z navbatida biz futbol maydonida bor kuchimizni berib, bo‘lajak o‘yinlarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishga harakat qilamiz”, – deyiladi Rossiya futbol ittifoqi rasmiy saytida.
Eslatib o‘tamiz, Marsel shahrida bo‘lib o‘tgan Rossiya va Angliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng ikki jamoa muxlislari o‘rtasida to‘qnashuv yuzaga keldi, keyinchalik esa ular mahalliy aholi bilan mojaroga kirishdi. Shundan so‘ng, UEFA Marseldagi tartibsizliklarni keskin qoralab chiqqan edi.
Rossiyalik va angliyalik futbol ishqibozlari ishtirokidagi tartibsizliklar yana takrorlansa, bu ikki davlat terma jamoalari Yevropa chempionatidan chetlashtirilishi mumkinligi haqida xabar qilindi.
Qayd etish joiz, avvalroq UEFA Rossiya futbol ittifoqiga nisbatan intizomiy ish ochgandi.