O‘zbekistonda xavfli gidrometeorologik va geologik hodisalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib, “Turkiston-press” agentligi xabar berdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
FVV, O‘zgidromet va Davlat geologiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari viloyat hokimiyatlari bilan birga sel, toshqin va o‘pirilish hodisalari ro‘y berishi mumkin bo‘lgan hududlarni o‘rganib chiqdi. Daryo o‘zanlarini tozalash, qirg‘oqlarni mustahkamlash hamda boshqa muhandislik-texnik va himoya ishlari bo‘yicha tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Ularni amalga oshirish uchun 23 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.
Xavfli tabiat hodisalarining og‘ir oqibatlari oldini olish, ular sodir bo‘lgan taqdirda aholini tegishlicha harakat qilishga o‘rgatish uchun FVV Fuqarolar himoyasi instituti yil boshidan buyon vazirliklar, muassasa va tashkilotlar rahbariyati tarkibidan 730 dan ortiq kishini o‘qitdi.
113,86 ming fuqaro uchun 2500 dan ziyod mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Aholini ob-havoning keskin o‘zgarishlari haqida o‘z vaqtida ogohlantirish uchun uyali aloqa abonentlariga 70 dan oshiq SMS-xabarlar jo‘natildi.
Izoh (0)