Ispaniya prokuraturasi braziliyalik futbolchi Neymarga nisbatan uning “Barselona” klubiga o‘tishida firibgarlik bo‘yicha sud ishi ochilishini talab qildi. Bu haqda AFP’ga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Prokuratura Neymarning “Santos”dan “Barselona”ga o‘tish chog‘ida futbolchi va uning otasi Braziliyaning DIS investitsion kompaniyasini atayin aldaganini taxmin qilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, prokuror Neymarni jismoniy shaxslar o‘rtasida korrupsiyaga aloqasi borligi uchun sud qilishni talab qilgan.
Avvalroq Ispaniya sudi DIS investitsion kompaniyasining Neymar transferi borasida aldangani haqidagi shikoyatini ro‘yxatdan o‘tkazgan edi. DIS’ning ma’lum qilishicha, Neymarning transferi amalga oshirilgan vaqtda kompaniya futbolchining 40 foiz huquqiga egalik qilgan, ammo bitim tuzilganda 40 million yevrodan mahrum bo‘lgan. Kompaniyaning qayd etishicha, “Santos”, “Barselona” va Neymar o‘rtasida fitna bo‘lgan.
Qayd etish joiz, avvalroq Barselona sudi “Barselona” klubining sobiq prezidenti Sandro Rosel hamda jamoaning amaldagi rahbari Xosep Mariya Bartomeudan “Neymar ishi” bo‘yicha ayblovlarni olib tashlagandi.
24 yoshli hujumchi 2013-yilda Braziliyaning “Santos” klubidan “Barselona” jamoasiga kelib qo‘shilgandi. Dastlab, kataloniyaliklar sobiq prezidenti Sandro Rosel Neymar uchun 57,1 million yevro to‘langanini, keyinroq esa klub va futbolchi o‘rtasida qo‘shimcha shartnomalar bor ekanini aytgandi. Neymarning otasi esa o‘g‘lining transferi 100 million yevro atrofida bo‘lganini ma’lum qilgan.
Izoh (0)