Vazirlar Mahkamasi qarori bilan havo kemalarida tashish taqiqlangan modda va buyumlarni musodara qilish tartibi, saqlash, ishlatish yoki yo‘q qilish muddatlari tasdiqlandi, deb yozadi Norma.
Qo‘l yukini, yukni tekshirish vaqtida aniqlangan, havo kemalarida tashish taqiqlangan modda va buyumlar akt tuzmasdan, qaytarib beriladigan/berilmaydigan tartibda musodara qilinadi va havo kemasi bortiga qo‘yilmaydi.
Erkin savdoda bo‘lgan, biroq havo kemalarida tashish taqiqlangan vosita va buyumlar (gazli ballon, yong‘in jihatidan xavfli lak, bo‘yoq va boshqalar) yo‘lovchini kuzatayotgan shaxslarga topshiriladi yoki akt bo‘yicha saqlash uchun beriladi.
Agar ushbu buyumlar ikki oy ichida o‘z egasi yoki ularning topshirig‘i bilan boshqa shaxslar tomonidan talab qilib olinmasa, ular akt bo‘yicha MXX xo‘jalik xizmatlariga texnik maqsadlarda ishlatish uchun beriladi yoki belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.
Tekshirish vaqtida tayyorlash, olib yurish, saqlash uchun jinoiy yoki ma’muriy jazo belgilangan modda va buyumlar (portlovchi moddalar, portlovchi qurilmalar, o‘tochar qurol, narkotik, zaharli moddalar) aniqlansa, yo‘lovchi reysdan materiallar bilan birga chetlashtiriladi hamda MXX yoki IIV organlariga uni javobgarlikka tortish masalasini hal qilish uchun topshiriladi.