Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Alisher Navoiy: qomusiy lug‘at” kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Unda olimlar, yozuvchi va shoirlar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi, deb xabar beradi O‘zA.
Tadbirda O‘zbekiston Qahramoni S. G‘aniyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A. Saidov, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori O. G‘ulomov va boshqalar chiqish qildi.
“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati tomonidan chop etilgan ikki jildli qomusiy lug‘atda Alisher Navoiy hayoti, asarlari, poetikasi, obrazlar olami, ustozlari va zamondoshlari haqida muxtasar ma’lumotlar berilgan. Lug‘atda maqolalarning nomlari, istilohlar qisqa va lo‘nda, tushunarli shaklda berilgan. Tadqiqot mazmun-mohiyatini belgilashda milliy qomuschilik va jahon tajribasidan foydalanilgan.
Taqdimotda Navoiy ijodida ma’rifat talqini, badiiy matn va nashr muammolari, ustoz-shogird munosabatlari, allomaning asarlariga bag‘ishlangan mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Izoh (0)