Rossiyadagi Ingushetiya Respublikasining eng yirik shahri — Nazranda 100 kishi respublika klinik shifoxonasi o‘likxonasiga bostirib kirib, politsiyachilarni qurolsizlantirdi va maxsus operatsiya davomida o‘ldirilgan jangarining tanasini olib ketdi. Bu haqda, respublika huquq-tartibot organlariga asoslanib, Meduza xabar bermoqda.
“TASS”ning ma’lum qilishicha, hujumda 50 kishi ishtirok etgan. Ularning aksariyati jangari Xizri Galayevning qarindoshlari ekanligi aytilmoqda.
26-may kuni Nazran va Malgobekda o‘tkazilgan aksilterror amaliyotida besh jangari o‘ldirilgan, uch nafari qo‘lga olingan edi. Jangarilar politsiyaga qurolli qarshilik ko‘rsatdi, ularning qarorgohidan avtomatik qurol, granata va to‘pponchalar topildi. Rossiya Milliy aksilterror qo‘mitasi jangarilarning IShID bilan aloqadorligini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot uchun, Rossiyada 2002-yildan e’tiboran to‘qnashuvlarda jangarilarning tanalarini qarindoshlariga berish taqiqlanadi. Ular o‘ldirilgan joyida ko‘miladi, dafn o‘rni qarindoshlariga xabar qilinmaydi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)