Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko, harbiy xizmatchi Nadejda Savchenko mamlakatga qaytarilganidek, Donbass bilan Qrimni ham qaytarib olishga va’da berdi. Bu haqda u prezident ma’muriyatidagi chiqishida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda Meduza.
Rossiyada 22 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan ukrainalik harbiy uchuvchi Nadejda Savchenko 25-may kuni RF prezidenti Vladimir Putin tomonidan afv etilib, Ukrainaga topshirildi. U Kiyevga Ukraina prezidenti samolyotida olib kelindi.
O‘z navbatida, Poroshenko Donbassdagi harbiy to‘qnashuvlarda ishtirok etgani uchun Ukrainada sudlangan Rossiya fuqarolari Yevgeniy Yerofeyev va Aleksandr Aleksandrovlarni afv etdi; ular Moskvaga yuborildi.
Ukraina prezidenti Germaniya kansleri Angela Merkelga, Fransiya prezidenti Fransua Ollandga va boshqa siyosatchilarga Savchenkoni ozod qilishda ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi. U rejissor Oleg Sensov hamda Rossiyada tutib turilgan boshqa Ukraina fuqarolarini ozodlikka chiqarish yo‘lidagi harakatni davom ettirishini aytib o‘tdi.
Poroshenkodan so‘ng Savchenko chiqish qildi. U ko‘plab ukrainaliklar Donbassda halok bo‘lgan bir paytda tirik qolgani uchun kechirim so‘radi.
Poroshenko Savchenkoni “Oltin Yulduz” ordeni bilan taqdirladi. Ushbu orden Ukraina Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan fuqarolarga taqdim etiladi.