Futbol bo‘yicha Jahon Chempionati bellashuvlarida eng ko‘p uchrashuv boshqargani bilan mashhur bo‘lgan o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov 31-may kuni “O‘zbekiston” sport majmuasida futbol o‘ynaydi. Shou-uchrashuv sobiq futbolchi Azamat Abduraimovning 50 yoshga to‘lishi munosabati bilan tashkil etiladi.
“Chempionat.asia” ma’lumotiga ko‘ra, Azamat Abduraimov va uning yaqinlaridan tashkil topgan jamoa Ravshan Ermatov jamoasiga qarshi zalga chiqadi. Unda 1994-yilgi Osiyo o‘yinlarida zafar quchgan futbol yulduzlari, kino aktyorlar hamda estrada yulduzlarining ishtirok etishi kutilmoqda. Mazkur tadbirning maxsus mehmoni sifatida qo‘shiqchi Munisa Rizayeva ishtirok etadi.
15:00 da boshlanadigan shou-uchrashuvdan oldidan bolalar o‘rtasida “Chempionlar Kubogi” deb nom olgan xayriya turniri o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, 1966-yilda tavallud topgan Azamat Abduraimov o‘z vaqtida Toshkentning “Paxtakor”, Namanganning “Navbahor”, Toshkent viloyatining “Do‘stlik” jamoalarida to‘p surgan. Shuningdek, Bangladesh, Malayziya, Hindiston, Saudiya Arabistoni chempionatlarida ishtirok etgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 20 ta o‘yinda qatnashib, 11 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Izoh (0)