Dunyodagi eng keksa Olimpiada chempioni, vengriyalik Shandor Tariks 102 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Bu haqda, Vengriya Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatiga tayanib, “RBK” xabar bermoqda.
Tariks 1913-yilning 23-sentabrida Budapesht shahrida tavallud topgan. U suv polosi bo‘yicha Vengriya terma jamoasi a’zosi bo‘lgan. Terma jamoa 1936-yilgi Berlin Olimpiadasida g‘olib bo‘lgandi.
1949-yilda Tariks AQShga jo‘nab ketgan va u yerda universitetda dars bergan. U 2012-yili Londonda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlariga eng katta yoshli chempion sifatida tashrif buyurgan. O‘shanda undan Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga tashrif buyura olish-olmasligi haqida so‘rashganda, “Ko‘ramiz, bunday narsalarni ancha oldindan rejalashtirish qiyin” deb javob qaytargan. Olimpiada chempioni 100 yilligini Kaliforniyada nishonlagan.
Shandor Tariks 2011-yilda dunyodagi eng katta yoshli Olimpiada chempioni nomiga ega bo‘lgandi. O‘shanda 1910-yilda tug‘ilgan italiyalik Atillio Pavezi, Los-Anjelesda bo‘lib o‘tgan 1932-yilgi Olimpiadaning ikki karra chempioni vafot etgandi.
Izoh (0)