O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 20-may kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo Anni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Davlat rahbari ushbu tashrif muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi samarali muloqotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, o‘zaro savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, moliyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Prezident Pak Kin Xening 2014-yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasiga va Prezident Islom Karimovning 2015-yil may oyida Koreya Respublikasiga davlat tashriflari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi. Tashriflar yakuniga ko‘ra yuzdan ortiq hujjat, jumladan, umumiy qiymati 9,5 milliard AQSh dollaridan ziyod savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlik haqidagi bitimlar imzolangani buning tasdig‘idir.
Koreya Respublikasi O‘zbekistonning asosiy investitsiyaviy va texnologik hamkoridir. Janubiy Koreyaning Hyundai, Samsung, LG, GM Korea, Koreya gaz korporatsiyasi, Lotte Chemical, GS, Posco-Daewoo, Korean Air, Shingdong, Kolon kabi yetakchi kompaniyalari ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston bilan hamkorlikda qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Koreya Respublikasining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari 7 milliard dollardan oshdi. O‘zbekistonda Janubiy Koreya investitsiyasi ishtirokida tashkil qilingan 449 korxona faoliyat yuritmoqda, 79 kompaniyasining vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan.
Koreya Respublikasi Bosh vazirining tashrifi muhim voqea — Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishining yakunlanishi va uning ishga tushirilishiga to‘g‘ri kelgani yanada ahamiyatlidir. Samsung Engineering, Hyundai Engineering va GS kompaniyalarini jalb etgan holda, Koreya gaz korporatsiyasi va Lotte Chemical kompaniyasi tarkibidagi Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan qiymati 4 milliard dollarga teng ushbu loyiha O‘zbekiston – Janubiy Koreya investitsiyaviy hamkorligining yaqqol namunasidir.
Muvaffaqiyatli investitsiyaviy hamkorlikka doir yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Avtomobilsozlik, elektr texnika, to‘qimachilik sohalarida, yangi turdagi qurilish va pardozlash materiallari, yuqori samarali farmatsevtika preparatlari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qator muhim qo‘shma loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Janubiy Koreya O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan ham biridir. 2015-yil yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 1,7 milliard dollardan oshdi. Ayni paytda O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Janubiy Koreyaning muhim savdo sherigidir. Koreya Respublikasining mintaqa davlatlari bilan savdo aylanmasining yarmidan ko‘pi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.
Uchrashuv chog‘ida neft-gaz sohasi, transport infratuzilmasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni birgalikda tayyorlash va amalga oshirishga doir masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Tomonlar kimyo, oziq-ovqat, farmatsevtika, mashinasozlik sanoati va boshqa sohalarda yangi korxonalar tashkil etish, O‘zbekistonda davlat korxonalari va aktivlarini xususiylashtirish jarayonida Janubiy koreyalik investorlar ishtirokini kengaytirish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.
Xvan Gyo An samimiy qabul uchun Prezidentga minnatdorlik bildirib, Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli va keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik hamda moliyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Izoh (0)