“O‘zekspomarkaz”da “O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2016” yigirmanchi xalqaro ko‘rgazmasi ochildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Forum “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, ITE Uzbekistan xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va ITE kompaniyalar guruhi hamkorligida tashkil etildi.
Yigirmanchi bor o‘tkazilayotgan forumda O‘zbekiston, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Singapur, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Chexiya, Norvegiya, Avstriya, Shveytsariya, Rossiya, Bolgariya, Polsha, Ruminiya, Turkiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Umon, Indoneziya, Malta kabi davlatlardan 200 dan ortiq kompaniya o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.
Xalqaro ko‘rgazmada neft va gaz qazib olish (texnologiyalar va uskunalar), neft va gaz quduqlari: qurish va foydalanish, neft va gazni qayta ishlash, saqlash va tashish, neft kimyosi, neft mahsulotlari ishlab chiqarish, neft va gaz sanoati inshootlarini loyihalashtirish va barpo etish, geologiya, geofizika, seysmik uskunalar va xizmatlar, quvurlar, gaz turbinalari, ixtisoslashtirilgan materiallar va uskunalar, nazorat-o‘lchov asboblari, texnika xavfsizligi hamda yong‘indan himoya, ekologik xavfsizlik, muqobil energetika, sanoat avtomatizatsiyasi, xizmatlar, aloqa va telekommunikatsiyalar kabi bo‘limlar ishlab turibdi.
Ilgari xabar qilinganidek, OGU-2016 doirasida Uz-Prista Recycling O‘zbekiston-Bolgariya qo‘shma korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. “Angren” maxsus industrial zonasida barpo etilgan mazkur korxona motor, tishli g‘ildirak va reduktorlar uchun moylar, gidravlika suyuqliklari va bitum ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Zavod yiliga 43 ming tonna ishlatilgan texnik moyni qayta ishlash orqali 30 ming tonnagacha moy ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotning qariyb 40 foizi eksportga mo‘ljallanmoqda.
Neft-gaz forumi doirasida “O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘i: texnologiyalar, investitsiyalar va taraqqiyot” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston neft-gaz sanoatining bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari, uglevodorod bazasini kengaytirish omillari, sohadagi yangi tendensiyalar, O‘zbekiston neft-gaz sohasining sarmoyaviy salohiyati, bu boradagi xalqaro hamkorlik, muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiya samaradorligini oshirish usullari kabi dolzarb masalalar muhokama etiladi.
Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov hamda Bolgariya bosh vaziri Boyko Borisov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)