Argentina sobiq prezidenti Kristina Fernandes de Kirshnerning advokati sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritdi. Qarorda sobiq davlat rahbariga nisbatan valyuta fyucherslari bilan firibgarlik ayblovi bo‘yicha ish qo‘zg‘atish ko‘zda tutilgan edi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Jiddiy dalillar va huquqiy asoslarning yo‘qligi yaqqol ko‘rinib turibdi”, — deyiladi apellyatsiya shikoyatida. “Mushohada faqat siyosiy tusda yuritilgan bo‘lib, sud qarorida bunga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, — deydi sobiq prezidentning advokati Karlos Beraldi.
Eslatib o‘tamiz, sobiq prezident o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun davlatga zarar yetkazganlikda gumonlanmoqda. “Qisqa vaqt ichida muayyan iqtisodiy va siyosiy oqibatlarni keltirib chiqaradigan bunday ko‘lamdagi moliyaviy operatsiya ijro hokimiyatining oliy darajadagi ma’qullashisiz amalga oshirilishi aqlga sig‘maydi”, — deyiladi sudya Klaudio Bonadio qarorida.
Izoh (0)