12-may, payshanba kuni Qirg‘iziston parlamentining ko‘pchilik deputatlari uchinchi o‘qishda “Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunga qarshi ovoz berdi. Bu haqda, Jo‘qorg‘i Kengash matbuot xizmatiga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi parlamentda ikki yil muqaddam ilgarigi chaqiriq deputatlari tomonidan ikkinchi o‘qishda ovozga qo‘yilgan edi. Birinchi tahrirga muvofiq, respublika qonunchiligiga “xorijiy agent” tushunchasi kiritilib, bunda chet el davlatlari, tashkilotlari va fuqarolaridan pul va mol-mulk oladigan hamda Qirg‘iziston hududida amalga oshiriladigan siyosiy faoliyatda chet el manbalari manfaatlari yo‘lida ishtirok etadigan notijorat tashkiloti tushuniladi. Bunday tashkilot daromadi va buromadi, shuningdek, ishchilar tarkibi hamda ularning oylik maoshlari davlat organlari tomonidan audit qilinishi ko‘zda tutilgan edi.
Yevropa davlatlari va AQSh ushbu qonun loyihasini keskin tanqid ostiga oldi. Jumladan, inson huquqlari bo‘yicha BMT oliy komissari Rupert Kolvil loyiha siyosiy faoliyatni aniq-ravshan ta’riflamasligini, bu esa ko‘plab tashkilotlarni shubha ostiga qo‘yishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi. U Qirg‘iziston rasmiylarini uyushmalar erkinligini xalqaro standartlarga muvofiq ta’minlab berishga chaqirdi. Shundan so‘ng qonun loyihasi jiddiy tarzda qayta ko‘rib chiqildi, lekin, shunga qaramay, deputatlar tomonidan rad qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda 1,5 mingdan ortiq turli nohukumat tashkilotlar faoliyat yuritadi.
Izoh (0)