Akrom Afif Yevropaning top klubi bilan shartnoma imzolagan qatarlik birinchi futbolchiga aylandi, deb xabar berdi Osiyo Futbol Konfederatsiyasi rasmiy sayti. 1996-yilda tavallud topgan futbolchi endilikda Ispaniyaning “Vilyarreal” klubi sharafini himoya qiladi.
Huquqiy jihatdan Qatarning “As-Sadd” klubiga tegishli bo‘lgan Akrom Afif Belgiyaning “Eupen” klubida to‘p surib, 16 ta o‘yinda 6 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Qayd etish kerak, “Eupen” 2012-yildan buyon Qatarning Aspire Zone Foundation fondiga qarashli klub hisoblanadi. Ma’lumot uchun, bu kompaniya Fransiyaning “PSJ” klubiga ham egalik qiladi.
“Men ‘Vilyarreal’dek katta klub bilan shartnoma imzolaganimdan baxtliman. Umid qilamanki, yaqin orada Ispaniyaning eng yaxshi klublaridan birida to‘p suradigan futbolchi va bu yerdagi murabbiylardan ko‘p narsa o‘rganaman”, — deb aytib o‘tgan Afif Qatar—2022 uchun ochilgan rasmiy saytga bergan intervyusida.
Akrom Afif 2014-yil bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatidan keyin tanila boshladi, deyiladi OFK rasmiy saytidagi xabarda. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi yarim finalga qadar yetib borgan musobaqada chempionlik aynan Qatar yoshlar terma jamoasiga nasib qilgandi. Afif esa KXDRga qarshi final o‘yinida yagona golga mualliflik qilib, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.
Afif 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatida ham qatnashdi va Qatarning yarim finalga qadar yetib borishiga o‘z hissasini qo‘shdi. JCh—2018 saralashi doirasida Qatar milliy terma jamoasi safida o‘zining debyut uchrashuvini o‘tkazdi va Butan darvozasiga kiritilgan 15 ta goldan biriga mualliflik qildi.
“‘Vilyarreal’ kelasi mavsum Yevropa Chempionlar Ligasida to‘p suradi, biz barcha turnirlarda munosib ishtirok etishga harakat qilamiz. Yangi jamoam bilan hozircha mashg‘ulot o‘tkazib ulgurmadim, ammo ishonamanki, tez orada asosiy tarkib futbolchisiga aylanaman”, — dedi Afif.
“Men Qatar milliy terma jamoasi safida 2022-yilgi jahon chempionatida ishtirok etishni orzu qilaman. O‘ylashimcha, 2022-yilga qadar bizda ajoyib jamoa bo‘ladi. Biz yoshlar o‘rtasida qit’ada tengsiz bo‘lgandik, yetishib chiqayotgan yosh avlodning salohiyatini yuqori baholayman. Hozir esa asosiy maqsadimiz — Rossiyada bo‘lib o‘tadigan 2018-yilgi jahon chempionatida ishtirok etish”.
Qayd etish kerak, Qatar milliy terma jamoasi JCh—2018 3-saralash bosqichida O‘zbekiston termasi bilan bir guruhdan joy olgan.
2015-yil yakunlariga ko‘ra o‘zbekistonlik uch nafar futbolchi — Doston Hamdamov, Eldor Shomurodov va Zabihillo O‘rinboyev Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lish uchun kurash olib borganida, Akrom Afif nomi nominatsiyada ko‘rinish bermagandi.
Izoh (0)