3-may, seshanba kuni Iroqda halok bo‘lgan AQSh harbiy-dengiz kuchlari maxsus topshiriqli bo‘linmasi jangchisi Charlz Kiting IShID terrorchilik guruhi jangarilarining hujumi chog‘ida amerikalik harbiy maslahatchilarni himoya qilayotgan bo‘lgan. Bu haqda AQShning Iroq va Suriyadagi aksilterrorchilik operatsiyalarida qatnashayotgan qo‘shinlari rasmiy vakili polkovnik Stiv Uorren ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“AQSh harbiy xizmatchilari konsultatsiya berish bilan shug‘ullangan va peshmerg (kurdlarning harbiylashgan guruhlari)ni qo‘llab-quvvatlagan. Shu payt ularga IShID jangarilari hamla qilgan, shu tufayli ular javob zarbasi berib, tezkor javob kuchlaridan yordam so‘rashga majbur bo‘lgan. Ular jangda g‘alaba qozonishga yordam bergan, biroq otishma natijasida maxsus topshiriqli bo‘linma jangchilaridan biri halok bo‘lgan”, — deya aniqlik kiritdi polkovnik.
Uorrenning so‘zlariga ko‘ra, jang Iroq shimolidagi Tall-Uskuf aholi punktida, front chizig‘idan taxminan 3,5 km narida bo‘lib o‘tgan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.