Futbol bo‘yicha Italiya A seriyasining 36-turida Rimning “Roma” klubi irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Jenoa” mehmoni bo‘lgan Luchanno Spaletti jamoasi 3:2 hisobida muvaffaqiyat qozondi.
Bellashuvning 6-daqiqasiga kelib Muhammad Salox rimlik futbolchilarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, keyinchalik mezbonlar ikkita gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Uchrashuvning 59-daqiqasiga kelib Spaletti maydonga “Roma” yetakchisi Franchesko Tottini tushirishga qaror qildi. 77-daqiqaga kelib Totti De Rossining pasidan keyin hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, asosiy vaqt yakuniga uch daqiqa qolganida Stefan El-Shaaravi “Roma”ga g‘alaba keltirgan golga mualliflik qildi.
Qayd etish kerak, Tottining maydonga tushishi ketma-ket to‘rtinchi o‘yinda “Roma”ga muvaffaqiyat keltirdi. U avvaliga “Atalanta” bilan o‘yinda 1 ta gol urib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan bo‘lsa, keyinroq “Torino” bilan o‘yinda dubl qayd etib, “Roma”ga 3 ochko taqdim etdi. “Napoli”ga qarshi markaziy o‘yinda esa, Totti maydonga tushgachgina rimliklar g‘alaba golini nishonladi.
Shu tariqa Rim klubi ochkolari sonini 74 taga yetkazib oldi. 36-turning so‘nggi o‘yinida “Napoli” imkoniyatni boy bersa, chempionat yakuniga ikki tur qolganida raqibidan ochkolar soni bo‘yicha ortda qolishni boshlaydi.
Italiya A seriyasi 36-tur bellashuvi 2-may, dushanba
Izoh (0)