AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Brennan 2001-yil 11-sentabrdagi teraktlar haqidagi ma’ruzaning maxfiy qismi chop etilishiga qarshi chiqdi, deb yozadi “RBK”. Brennanning bayonoti NBC telekanali efirida yangradi.
MRB rahbari so‘zlariga ko‘ra, kongressning tekshiruvi “dastlabki hisobot” bo‘lgan, xolos. Oxir-oqibat unda ko‘tarilgan masalalar 9/11 teraktini tekshirish bo‘yicha komissiya tomonidan “to‘liq tadqiq qilingan va o‘rganilgan”.
“Komissiya a’zolari Saudiya hukumati yoki alohida saudiyalik amaldorlar ‘Al-Qoida’ga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatganini isbotlovchi hech qanday dalillar bo‘lmagani haqida aniq aytib o‘tdi”, — dedi Brennan.
“O‘ylashimcha, ba’zi odamlar Saudiya Arabistonining ishtirokini ko‘rsatib berish uchun tasdiqlanmagan, tekshirilmagan axborotga yopishib olishi mumkin, buni esa men juda juda noto‘g‘ri deb hisoblayman”, — deya qayd etdi u.
Teraktlar tekshiruvi haqidagi hisobot 2002-yilda e’lon qilingan, ammo uning 28 sahifalik qismi prezident kichik Jorj Bush qarori bilan maxfiy bo‘lib qolgan edi. AQSh OAVlari ushbu qismdan xabardor bo‘lgan kishilarga tayanib, u yerda Saudiya Arabistonining ba’zi jismoniy va yuridik shaxslari teraktlarga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida gapirilishini yozgan edi.
Aprelda hisobotning 28 sahifalik qismidan “o‘ta maxfiy” belgisi olib tashlanishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.
Izoh (0)