Ekvadorda qutqaruvchilar kuchli zilziladan 13 kun o‘tib vayronalar ostidan 72 yoshli erkakni chiqarib olishga erishdi. Bu haqda, El Comercio gazetasi ma’lumotiga tayanib, “RBK” xabar beradi.
Qutqaruvchilar Xaramixo shahrini ko‘zdan kechirayotgan vaqtda qisman qulab tushgan bino qismlari ostidan kelayotgan ovozni eshitdi. Ichkaridan ular qulab ketgan devorlar tufayli tashqariga chiqa olmagan Manuel Vaskesni topdi.
Qandli diabetdan aziyat chekkan erkakka suvsizlik va ovqat yemaslik tufayli yuzaga kelgan surunkali buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yildi. Bundan tashqari, u chap oyog‘idagi bir nechta barmog‘idan ayrildi. U shifoxonaga joylashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, Ekvadorda 16-aprel kuni yuz bergan kuchli zilzila oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 659 kishiga yetganligi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)