AQShning Facebook kompaniyasiga qarshi sudga da’vo arizasi topshirildi. Undan ko‘zlangan maqsad — yangi kategoriyadagi qimmatbaho qog‘ozlarning bozorga chiqarilishiga yo‘l qo‘ymaslik, deb xabar bermoqda “TASS” Reuters’ga tayangan holda.
Ma’lum bo‘lishicha, kompaniyaning nomi keltirilmayotgan aksiyadorlaridan biri Delaver shtati sudiga shikoyat qilgan. Da’vo guruh shaklida bo‘lib, unga boshqa aksiyadorlar ham qo‘shilishi mumkin.
O‘tgan yilning dekabrida kompaniya asoschisi Mark Sukerberg aksiyadorlik kapitalidagi 99 foiz ulushini sotib, pullarni xayriya yo‘liga ishlatish maqsadini oshkor qilgan edi. Agarda maxsus kategoriyadagi qimmatbaho qog‘ozlar chiqarilsa, Sukerberg aksiyalarining asosiy qismini sotib yuboradi, lekin ijtimoiy tarmoq ustidan nazoratini saqlab qoladi.
“Kompaniya direktorlar kengashi yangi emissiya to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlash oldidan evaziga biror arzirli narsa olishi borasida yetarli shijoat bilan savdolashmadi”, — deyiladi arizada.
“Sukerberg kompaniyadagi ulushining katta qismini milliardlab dollarga sotib, shu bilan birga hokimiyatini ham saqlab qolmoqchi. Class C toifasidagi aksiyalarni chiqarish unga milliardlab dollar turadigan qimmatbaho qog‘ozlarni sovg‘a qilish deganidir, bunda u shaxsan hech qancha pul to‘lamaydi”, — qo‘shimcha qilinadi hujjatda.