Amazon internet-reteylerining choraklik hisobotida rekord natijalar keltirilganidan so‘ng kompaniya kapitalizatsiyasi 13 foizga yoki 38,2 milliard dollarga o‘sdi. Buning sharofati bilan kompaniya asoschisi Jeff Bezos to‘rt soatdan kamroq vaqt ichida 6 milliard dollar ishlab topdi. Uning boyligi 60 milliard dollarga yetdi, deb xabar bermoqda “RBK”.
Bloomberg agentligining eng boy insonlar ro‘yxati aks etgan Billionare Index onlayn-reytingida Bezos to‘rtinchi qatorga ko‘tarildi. U meksikalik telekommunikatsiya magnati Karlos Slimdan o‘zib ketdi.
28-aprel kuni Amazon 2016-yilning birinchi choragi uchun hisobotini e’lon qildi. Hisobot davrida reteyler o‘z tarixidagi eng yuqori choraklik sof daromadga ega bo‘ldi: uch oy ichida bu ko‘rsatkich 513 million dollarga yetib, tahlilchilarning bashoratidan ikki barobarga oshib ketdi.
Kompaniyaning shu davrdagi tushumi 28 foizga o‘sib, 29,1 milliard dollarni tashkil qildi.
Amazon aksiyalari sotuvga qo‘yilgan NASDAQ birjasining yopilishidan so‘ng o‘z hisobotini e’lon qildi. Rekord natijalar qayd qilingani ma’lum bo‘lgach, muddati uzaytirilgan, 3 soat 45 daqiqa davom etgan sotuvlarda aksiyalar qiymati 13 foizga ko‘tarildi. 28-aprel xaridlari yopilishida kompaniyaning bitta qimmatbaho qog‘ozi narxi 602 dollarga yetdi. Kompaniyaning umumiy qiymati 283 milliard dollarga baholandi. 29-aprelda o‘sish davom etdi — qimmatbaho qog‘ozlar 11 foiz qimmatroqqa narxlandi, kompaniyaning qiymati esa 315 milliard dollarga yetdi.
Izoh (0)