2016-yilning 27-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Koreya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Li Uk Honni qabul qildi. Uchrashuv elchining diplomatik missiyasi yakunlanayotganligi munosabati bilan o‘tkazildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mabuot xizmati.
Suhbat davomida uzoq muddatli manfaatlar va strategik sherikchilikka asoslangan O‘zbekiston—Janubiy Koreya munosabatlari o‘zaro foydali va samarali tusga ega ekanligi ta’kidlandi. Tomonlar turli sohalardagi yaqin hamkorlik qilishda katta tajriba orttirdi. Hozirgi kunda ikki tomon kun tartibi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda, shuningdek xalqaro sahnada o‘zaro manfaatli hamkorlikni o‘z ichiga oladi.
Abdulaziz Kamilov elchini O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirishga shaxsan qo‘shgan salmoqli hissasi uchun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Faxriy doktori darajasi berilishi bilan tabrikladi.
O‘z navbatida, elchi Li Uk Hon O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonaning rahbari sifatida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishga yaratilgan shart-sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirdi.
Izoh (0)